SALAF VA XALAF ULAMOLAR IMOM ASH’ARIY VA IMOM MOTURIDIY BILAN YAKDIL BO’LGANLAR

SALAF VA XALAF ULAMOLAR IMOM ASH’ARIY VA IMOM MOTURIDIY BILAN YAKDIL BO’LGANLAR

1-qism

Ushbu maqola Alloh taoloni osmonda joylashgan deb e’tiqod qiladigan hamda «Alloh taolo makon tutmagan, Arsh ustida qaror topmagan, «istivo» oyatini egallash ma’nosida deb Ash’ariy va Moturidiydan avval hech kim aytmagan, salafi solihlarning birortasidan ham dalil yo’q» deydiganlarga raddiya sifatida yozildi.

 

Maqolada «Alloh taolo makon, zamon va jihatdan xoli ekani» hamda «Qur’oni karimdagi «istivo» oyati egallash, podshohlik va qudrat ma’nosida ekani» haqida mashhur sahobalar, tobeinlar, tabaa tobeinlar va dastlabki uch asrda yashagan salafi solihlardan hamda ulardan keyin to yigirmanchi asr oxiriga qadar yashab o’tgan aqida va kalom ulamolari, faqihlar, mufassirlar, muhaddislar, tasavvuf ahllari, til va lug’at olimlaridan iborat ahli sunna va jamoa mazhabining yuzdan oshiq imomlarining gaplari, ularning vafot etgan yillariga ko’ra tartibda joylashtirilgan shaklda, ishonchli manbalar asosida iqtibos qilib keltirilgan bo’lib, ular ichida imom Ash’ariy va imom Moturidiy rahmatulohi alayhimo ham bo’lishi bilan birga, ko’pgina masalalarda ahli sunna ulamolariga xilof qilgan va oxirida to’g’ri yo’lga qaytib tavba qilgan (Alloh bilguvchiroq! O’zi qabul aylasin!), Alloh taoloni osmonda joylashgan degan da’vodagilar uning so’zlarini dalil qilib keltiradigan shayx Ahmad ibn Taymiya rahimahulloh va u kishining shogirdlari ham bor. Alloh Haqq subhanahu va taolo haq yo’lni topgan, haq yo’lga ergashgan va haq yo’lga da’vat qilgan zotlarning barchalaridan rozi bo’lsin!

 

1. Xulafoi roshidinlarning biri, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kuyovlari va amakivachchalari ulug’ sahoba Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu (40-hijriy sanada vafot etganlar) shunday dеganlar:

كان الله و لا مكان و هو الآن على ما كان 

 Alloh taolo bo’lgan, biror makon bo’lmagan, U hozir oldin qanday bo’lsa o’shandaydir. (Abu Mansur Bag’dodiy «Al-farqu baynal firaq» kitobida kеltirgan)

الاستواء غير مجهول والتكييف غير معقول والإيمان به واجب والسؤال عنه بدعة لأنه تعالى كان ولا مكان فهو على ما كان قبل خلق المكان لم يتغير عما كان

Istivo noma’lum emas, unga kayfiyat berish aqldan emas, unga iymon keltirish vojib, u haqida so’rash bid’atdir. Chunki Alloh taolo bo’lgan va birorta makon bo’lmagan. U makonni yaratishdan oldingi holatidadir, Oldin bo’lganidan o’zgarmagan (Imom Nasafiyning «Madorikut-Tanzil» nomli tafsirida kelgan).

 

2. Qur’oni karim mufassiri deya nom olgan sahoba Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu (68-hijriy sanada vafot etganlar) aytadilar:

نعرف ربنا بما عرف به نفسه ونصف بما وصف به نفسه لا يدرك بالحواس ولا يقاس بالناس قريب من الأشياء غير ملاصق بعيد منها غير مفارق تحقق بلا تمثيل ووحد بلا تعطيل

Biz Robbimizni U zotning O’zi ularda O’zini tanishtirgan xabarlar orqali taniymiz. Biz U zotni O’zini O’zi vasf qilgan sifatlar bilan sifatlaymiz. U zot his qilish vositalari ila idrok etilmaydi. U zot insonlarga qiyos qilinmaydi. Narsalardan yaqindir, lekin yonma-yon turuvchi emas. Narsalardan uzoqdir, ammo butkul ajraluvchi emas. Uni hech narsaga o’xshatmasdan tasdiq etiladi va sifatlarini inkor etmasdan yakka-yu yolg’izdir deyiladi (shayx Fuzaylning «Javohirul-kalom» kitobida keltirilgan).

 

3. Ulug’ tobеinlardan biri Zaynulobidin Aliy ibn Husayn rahmatullohi alayhi (94-hijriy sanada vafot etgan) shunday dеganlar:

انت الله الذى لا يحويك مكان

Sеn - biror makon o’z ichiga ololmaydigan Allohsan! («Sohiyfatus sajjadiya» kitobidan).

 

4. Ulug’ tobein Abu Muhammad Sa’iyd ibn Musayyab ibn Hazn Maxzumiy rahmatullohi alayhi (94-hijriy sanada vafot etganlar) aytadilar:

نقول: استوى بلا كيف ولا نثبت مكان لأن الله كان قبل خلق المكان والآن على ما كان قبل

U zot «qayerdalik»siz istivo qilgan deymiz. Makonni isbot qilmaymiz. Chunki Alloh makonni yaratishidan oldin ham bor edi va hozir ham oldin qanday bo’lsa o’shandekdir (Abul Qosim Hindiy «Al-bayon fiy sharhi sifotir-Rahmon»da keltirgan).

 

5. Mashhur ulug’ tobeinlardan yana biri, olimu zohidu faqih imom Hasan Basriy rahmatullohi alayhi (110-hijriy sanada vafot etganlar) «joriya hadisi»dagi «في السماء» kalimasi haqida aytgan quyidagi gaplari Ibn Ashurning «Ahkomul-mutashabihot» kitobida naql qilingan:

لا يعقل فيه ولا يجهل منه ولا يشتغل بالكيف

U haqida aql yuritilmaydi, u borada johillik ham qilinmaydi, qandayligiga kirishilmaydi.

 

6. Ulug’ tobeinlardan yana biri mufassir imom Abu Bakr Muhammad Ibn Sirin rahmatullohi alayhi (110-hijriy sanada vafot etganlar) o’zlarining «Tafsirul-ahkom» nomli tafsir kitobida aytganlar:

قال تعالى: «الرحمن على العرش استوى» أي حكمه ويقال كان فوق العرش حين خلق السماوات والأرض ويقال استوى استولى وملك كما يقال استوى فلان على بلد كذا يعني استولى عليها وملكها فالله تعالى بين لخلقه قدرته وتمام ملكه أنه يملك العرش وله ما في السماوات وما في الأرض

Alloh taolo shunday deydi: «Rahmon Arshga istivo qildi» (Toho surasi, 5). Ya’ni, Arshga hukmdor bo’ldi. Alloh Osmonlaru yerni yaratgan payti Arshning ustida edi degan gap ham aytilgan. Yana, «istava» bu egalladi, podshoh bo’ldi ma’nosida deb ham aytilgan. Xuddi, falonchi bundoq shaharni egalladi deb aytilganidek, ya’ni egalladi va podshoh bo’ldi degani. Alloh taolo bandalariga O’zining qudratini hamda hukmronligining mukammal ekanini bayon qilgan. Albatta U zot Arshning podshohidir. Osmonlardagi barcha narsalar ham, yerdagi barcha narsalar ham faqat Unikidir.

 

7. Yana bir ulug’ tobein Abu Muhammad Ato ibn Abu Raboh Aslam ibn Safvon rahmatullohi alayhi (114-hijriy sanada vafot etganlar) aytadilar:

ولا نقول الله قائم على العرش بل الله يعلم مراده

Alloh Arshning ustida qoimdir demaymiz. Balki undan nima iroda qilinganini Alloh o’zi biladi (Shayx Abu Sharifaning «Tavhid» kitobida kelgan).

 

8. Yana bir tobein imom Ja’far Sodiq rahmatullohi alayhi (148-hijriy sanada vafot etgan) shunday dеganlar:

من زعم أن الله في شيء، أو من شيء، أو على شيء، فقد أشرك؛ إذ لو كان على شيء لكان محمولا ولو كان في شيء لكان محصورا، ولو كان من شيء لكان محدثا

Kimki Alloh taoloni biror narsa ichida, yo biror narsadan tarkib topgan, yo biror narsa ustida dеb hisoblagan bo’lsa, shirk kеltiribdi. Chunki U zot agar biror narsaning ichida bo’lsa chеgaralangan bo’lib qoladi, agar ustida bo’lsa, ko’tarib turilgan bo’lib qoladi, agar biror narsadan tarkib topgan bo’lsa yangidan paydo bo’lgan bo’lib qoladi (Qushayriy «Ar-risolatul Qushayriyya»da kеltirgan).

 

9. Tobeinlardan yana birlari mazhabboshimiz imom A’zam Abu Hanifa No’’mon ibn Sobit Kufiy rahmatullohi alayhi (150-hijriy sanada vafot etganlar) «Al-fiqhul absat» kitoblarida shunday dеganlar:

كان الله تعالى و لا مكان كان قبل  ان يخلق الخلق كان و لم يكن اين و لا خلق و لا شيء و هو خالق كل شيء

Alloh taolo bo’lgan, biror makon bo’lmagan, U zot xaloyiqni yaratishdan oldin bo’lgan, biror makon ham, biror xaloyiq ham, biror narsa ham bo’lmagan. U barcha narsaning yaratuvchisidir.

Ushbu kitobda yana keladiki:

قال أبو حنيفة: من قال لا أعرف ربّى فى السماء او فى الأرض فقد كفر و كذا من قال أنه على العرش و لا أدرى العرش أفى السماء او فى الأرض

Imom Abu Hanifa rahimahulloh aytganlar: Kimki Robbim osmonda yo yerdaligini bilmayman desa, haqiqatda kofir bo‘libdi. Shuningdek, U Arshning ustida, lekin men Arshning osmonda yo yerdaligini bilmayman deb aytgan kishi ham!

Va yana «Al-fiqhul akbar» kitoblarida aytganlar:

لا يشبه شيئا من الاشياء من خلقه و لا يشبهه شئ من خلقه

Alloh taolo O’zi yaratgan narsalardan birortasiga o’xshamaydi, va yaratgan narsalarining ham birortasi Unga o’xshamaydi.

Yana aytganlarki:

و الثالث نقرّ بأنّ الله على العرش استوى من غير أن يكون له حاجة و استقرار عليه و هو حافظ العرش و غير العرش من غير احتياج فلو كان محتاجا لما قدر على إيجاد العالم و تدبيره كالمخلوقين و لو كان محتاجا الى الجلوس و القرار فقبل خلق العرش أين كان الله تعالى الله عن ذلك علوّا كبيرا

Uchinchidan, biz Allohni Arshga, unga muhtoj bo’lmasdan, unga qo’nim topmasdan istivo qildi deb iqror bo’lamiz. U Arshni ham, Arshdan boshqa narsalarni ham, hech qanday ehtiyojsiz hifzu himoya qiluvchi Zotdir. Agar muhtoj bo’lganida edi, xuddi maxluqlarga o’xshab, olamni yaratishga ham, boshqarishga ham qodir bo’lmasdi. Agar o’tirishga va joylashishga muhtoj bo’lsa, u holda Arshni yaratishdan oldin Alloh taolo qayerda bo’lgan?! Alloh ushbulardan oliy va buyuk Zotdir! («Vasiyyat» kitobidan)

 

10. Tobeinlardan imom Abu Amr Abdurrahmon ibn Amr ibn Yuhmad Avzoiy rahmatullohi alayhi (157-hijriy sanada vafot etganlar) aytadilar:

إن الله لا يشبه شيئا من خلقه ولا يشبهه شيء من خلقه وهو في السماء ملكه وقدرته لا عين ذاته والتمكن والاستقرار والجلوس من صفات الخلق فالله سبحانه عن ذلك

Darhaqiqat, Alloh O’zi yaratgan biror narsaga o’xshamaydi va O’zi yaratgan biror narsa ham Unga o’xshamaydi. U – ayni zoti emas, balki podshohligi va qudrati samoda bo’lgan Zotdir. Makon tutish, qaror topish va o’tirish xaloyiqning sifatlaridandir. Alloh esa ushbu narsalardan pokdir (Abul Qosim Hindiy «Aqoidu ahlis-sunna»da keltirgan).

 

11. Tobeinlardan yana biri, mashhur tasavvuf peshvosi Ibrohim ibn Adham rahmatullohi alayhi (162-hijriy sanada vafot etganlar) shunday deganlar:

وهو الذي لا يحوى بمكان ولا زمان ولا جهات

U makon bilan ham, zamon bilan ham, taraflar bilan ham qamrab olinmagan (Sirojiddin Javohirbek Murshid «tavhidu Mavlono»da keltirgan).

 

12. Tabaa tobeinlarning ulug‘laridan imom Molik ibn Anas rahmatullohi alayhi (179-hijriy sanada vafot etganlar) istivo haqida quyidagi gapni aytganlari barchaga ma’lum va mashhur:

الإستواء غير مجهول و الكيف غير معقول و الإيمان به واجب و السؤال عنه بدعة

Istivo noma’lum narsa emas, qandayligi aql yuritiladigan narsa emas, unga iymon keltirish vojib, u haqida so’rash bid’atdir (Bayhaqiy «Al-asmo vas-sifot»da keltirgan).

 

13. Ulug’ tabaa tobeinlardan yana birlari so’fiya ayol Robiya al-Adaviyya rahmatullohi alayho (180-hijriy sanada va etganlar) «Alloh qayerda?» degan savolga shunday javob berganlar:

وحتى العقول لا يتسعه فكيف تتسعه الأمكنة؟!

Va hatto aqllar Uni sig’dira olmaydi-ku, makonlar Uni qanday sig’dira olsin?! (Sirojiddin Javohirbek Murshid «tavhidu Mavlono»da keltirgan).

 

14. Tabaa tobeinlardan, imom Abu Hanifa rahimahullohning xos ikki shogirdlaridan biri imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy rahmatullohi alayhi (189-hijriy sanada vafot etganlar) aytgan quyidagi gap Hasan ibn Abu Bakr Maqdisiyning «G’oyatul-marom fiy sharhi bahril-kalom» kitobida keltirilgan:

نؤمن بما جاء من عند الله تعالى على ما أراد الله تعالى ولا نشتغل بكيفيته وبما جاء من عند رسول الله صلى الله عليه وسلم على ما أراد به رسول الله صلى الله عليه وسلم

Alloh taoloning huzuridan kelgan xabarga Alloh taolo iroda qilganidek iymon keltiramiz. Uning qandayligiga kirishmaymiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzuridan kelgan xabarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam iroda qilganlaridek iymon keltiramiz.

 

15. Tabaa tobeinlardan yana birlari imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Idris Shofе’iy rahmatullohi alayhi (204-hijriy sanada vafot etganlar) shunday dеganlar:

إنه تعالى كان و لا مكان فخلق المكان و هو على صفة الازلية كما كان قبل خلقه المكان لا يجوز عليه التغيير فى ذاته و لا التبديل فى صفاته

U zot bo’lgan, biror makon bo’lmagan,   bas makonlarni yaratgan, makonlarni yaratishidan oldingidеk azaliy sifatlarida bo’lgan. Uning zotida o’zgarish bo’lishi, sifatlarida yangilanish bo’lishi joiz emas (Zubaydiy «Ithafu sadatil muttaqiyn» kitobida kеltirgan).

Yana aytganlarki:

من اعتقد أن الله جالس على العرش فهو كافر

Kimki Allohni Arsh ustida o’tirgan deb e’tiqod qilsa, u kofirdir (Ibn Muallim Qurashiy «Najmul-muhtadiy va rojmul-mu’tadiy» kitobida naql qilgan).

 

16. Tabaa tobeinlarning yana birlari, hanafiy mazhabini Movarounahrga olib kirgan yetuk faqih va mujtahid imom Abu Hafs Ahmad ibn Hafs Kabir Buxoriy rahmatullohi alayhi (217-hijriy sanada vafot etganlar) shunday deganlar:

الكيف مجهول لأن نفي العلم بالكيف لا ينفي إلا ما قد علم أصله كما نقول: إنا نقر بالله ونؤمن به ولا نعلم كيف هو

(Istivoning) qandayligi noma‘lum. Chunki, qandaylikni bilishni inkor etish uning asli bilinadigan narsani inkor etadi. Xuddi biz Allohga iqror bo‘lamiz, Unga iymon keltiramiz, biroq Uning qanday ekanini bilmaymiz deb aytishimizga o‘xshaydi (Ibn Ashurning «Ahkomul-mutashabihot» kitobidan).

 

17. Yana bir tabaa tobein, imom Buxoriy va imom Dorimiy rahimahumallohning ustozi va shayxi alloma Nuaym ibn Hammod Xuzo’iy Marvaziy rahmatullohi alayhi (228-hijriy sanada vafot etganlar) shunday deganlar:

من شبه الله بخلقه فقد كفر ومن جحد ما وصف الله به نفسه فقد كفر

Kim Allohni U yaratgan biron narsaga o’xshatsa, batahqiq kofir bo’libdi. Kim Alloh u bilan O’zini vasf qilgan biron sifatni inkor etsa, batahqiq kofir bo’libdi (Ibn Kasirning «Tafsirul-Qur’onil ‘Aziym» kitobidan).

 

18. Tabaa tobeinlarning yana birlari Abu Abdurrahmon Abdulloh ibn Yahyo ibn Muborak rahmatullohi alayhi (237-hijriy sanada vafot etganlar) o’zlarining «G’oriybul-Qur’an va tafsirihi» kitobida «istivo» oyatini tafsir qilib aytadilar:

استوى:  المراد منه – الله أعلم - استولى

Istivo qildi» degan so’zdan murod (Alloh bilguvchiroq) – egalladi deganidir.

 

19. Mashhur muhaddis imomlardan Abu Saiyd Usmon ibn Saiyd ibn Xolid ibn Saiyd Tamiymiy Dorimiy rahmatullohi alayhi (280-hijriy sanada vafot etganlar) o’zlarining «Ar-roddu alal-jahmiya» kitobida imom Molik rahimahullohning gaplarini keltirib, so’ngra unga quyidagilarni qo’shimcha qilganlar:

وصدق مالك!  لا يعقل منه كيف ولا يجهل منه الاستواء والقرءان ينطق ببعض ذلك في غير ءاية

Molik rost so’zladi! Uning qandayligi aqlga sig’maydi, Uning istivosi noma’lum bo’lmaydi, mana shularning ba’zisi haqida Qur’on boshqa oyatda so’z yuritadi.

 

20. Mufassirlar imomi Muhammad ibn Jarir Tabariy rahmatullohi alayhi (310-hijriy sanada vafot etganlar) aytadilar:

الاستواء معناه كثير إن اختص بهؤلاء المعاني لقد أول

Istivo so’zining ma’nolari ko’p. Agar ushbu ma’nolardan biriga xoslansa, batahqiq ta’vil qilinibdi («Jome’ul-Bayon»).

 

21. Imom Abu Is’hoq Ibrohim ibn Sirriy Zajjoj rahmatullohi alayhi (311-hijriy sanada vafot etganlar) «istivo» oyati tafsirida shunday deganlar:

معنى كلمة استوى هو استولى

Istivo qildi degan so’zning ma’nosi – egalladi degani («Maonil-Qur’on va e’robihi», Abu Is’hoq Zajjoj).

 

22. Imom Abu Ja’far Ahmad ibn Muhammad ibn Saloma Tahoviy rahmatullohi alayhi (321-hijriy sanada vafot etganlar) «Aqida» nomli risolalarida shunday yozganlar:

ومن وصف الله بمعنى من معاني البشر فقد كفر

Kim Allohni bashar ma’nolaridan birortasi bilan sifatlasa, batahqiq kofir bo’libdi.

Yana:

لا تحويه الجهات الست كسائر المبتدعات

U zotni olti taraf boshqa maxluqotlarni (o’z ichiga olgani) singari o’z ichiga ololmaydi.

 

23. Imom Abu Hasan Aliy ibn Ismoil ibn Is’hoq Ash’ariy rahmatullohi alayhi (324-hijriy sanada vafot etganlar) o’zining «Al-ibana fiy usulid-diyana» nomli kitobida quyidagilarni yozganlar:

إن كان قائل: ما تقولون في الاستواء؟ قيل له: نقول إن الله عز وجل يستوي على عرشه استواء يليق به من غير طول الاستقرار

Agar, istivo haqida nima deysiz, deb so’rashsa, Alloh azza va jalla O’zining Arshiga, O’ziga loiq holda, to’la qaror topmasdan istivo qilgan deb aytamiz, deya javob beriladi.

 

24. Imom Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy rahmatullohi alayhi (333-hijriy sanada vafot etganlar) «Tavhid» nomli kitoblarida «Alloh taoloni makon bilan vasf qilish joiz emasligi» nomli bobda shunday yozganlar:

إذ قد ثبت ان قد كان و لا مكان... أن القول بالمكان ليس من نوع التعظيم و التبجيل

Zеro, U zot bo’lgani, va biror makonning bo’lmagani sobitdir... Albatta (U zotga nisbatan) makonni aytish ulug’lash va maqtash navidan emas.

 

25. Muhaddis ulamolardan hofiz Muhammad ibn Hibbon rahmatullohi alayhi (354-hijriy sanada vafot etganlar) «Sahihu Ibn Hibbon» kitobida shunday dеganlar:

كان الله ولا زمان ولا مكان

Alloh bo’lgan, biror zamon ham, biror makon ham bo’lmagan.

 

26. Muhaddislardan hofiz Abul Qosim Sulaymon ibn Ahmad ibn Ayyub Tobaroniy rahmatullohi alayhi (360-hijriy sanada vafot etganlar) «At-tafsirul-kabiyr» kitobida aytadilar:

والاستواء هو الاستيلاء ولم يزل الله سبحانه مستوليا على الأشياء كلها إلا أن تخصيص العرش تعظيم شئنه

Istivo qilish egallash degani. Alloh subhanahu barcha narsalarni egallagan. Faqat Arshni xoslash Uning sha’nini ulug’lashdir.

 

27. Imom Abu Bakr Ahmad Roziy Jassos Hanafiy rahmatullohi alayhi (370-hijriy sanada vafot etganlar) o’zlarining «Ahkomul-Qur’on» kitobida «istivo» oyatini quyidagicha tafsir qilganlar:

استوى بلطفه وتدبيره وقيل استولى

O’zining latifligi va tadbiri bilan istivo qildi. Egalladi degan ma’no ham aytilgan.

 

28. Faqih va mufassir imom Abu Lays Nasr ibn Muhammad Samarqandiy Hanafiy rahmatullohi alayhi (373-hijriy sanada vafot etganlar) «Bahrul-ulum» nomli tafsir kitobida quyidagi oyatni tafsir qilib aytadilar:

ثم استوى إلى السماء... (سورة البقرة – 29)

والناس في هذه الآية ثلاثة أوجه قال بعضهم: نقرؤها ونؤمن بها ولا نفسرها وقال بعضهم: نقرؤها وفسرها غلى ما يحتمله ظاهر اللغة وهذا قول المجسمة وقال بعضهم: نقرؤها ونتأولها. وللتأويل وجهان: أحدهما صعد أمره إلى السماء وهو قوله كن فيكون والثاني: أقبل إلى خلق السماء

Insonlar ushbu oyat yuzasidan uchga bo’lingan. Ba’zilar «uni o’qiymiz va unga iymon keltiramiz, lekin tafsir qilmaymiz» deyishgan. Ba’zilar «uni o’qiymiz va lug’atning zohiri ko’rsatib turgan ma’noga ko’ra tafsir qilamiz» deyishgan, ular (Alloh taoloni jism deb biladigan) mujassimalardir. Ba’zilar esa «uni o’qiymiz va ta’vil qilamiz» deyishgan. Ta’vilning ikki yo’li mavjud. Birinchisi U zotning amri osmonga ko’tarildi deyish bo’lib, Alloh taoloning «bo’l! dedi, bas, bo’ldi» degan qavliga muvofiqdir. Ikkinchisi esa osmonni yaratishga kirishdi deyish.

 

29. Imom Abu Bakr ibn Favrak Asbahoniy rahmatullohi alayhi (406-hijriy sanada vafot etganlar) «Mushkilul-hadis» kitobida aytadilar:

لأن استوائه على العرش سبحانه ليس على معنى التمكن والاستقرار بل هو على معنى العلو بالقهر والتدبير و ارتفاع الدرجة بالصفة على الوجه الذي يقتضي مباينة الخلق

Darhaqiqat, Alloh subhanahuning Arshga istivo qilishi makon tutish va qaror topish ma’nosida emas, balki hukmronlik va tadbir ila oliy bo’lish, xaloyiqdan farq qilish taqozo qilgan jihatdan, bir sifat bilan darajani ko’tarish ma’nosidadir.

 

30. Mufassirlar imomi Abu Is’hoq Ahmad ibn Muhammad ibn Ibrohim Sa’labiy rahmatullohi alayhi (427-hijriy sanada vafot etganlar) quyidagi oyatni o’zlarining «Al-kashful bayon ‘an tafsiril-Qur’on» kitobida shunday tafsir qilganlar:

وهو العلي العظيم (سورة البقرة – 255) – وهو العلي: الرفيع فوق خلقه بالتدبير والقوة والقدرة لا بالمسافة والمكان والجهة. العظيم: فلا شيء أعظم منه

U - oliy va buyukdir (Baqara surasi, 255-oyat).

U oliydir: ya’ni, O’zi yaratgan barcha narsalarining ustida tadbir, quvvat va qudrat jihatdan balanddir, ammo masofa, makon va taraf ma’nosida emas.

Buyukdir: ya’ni, Undan buyukroq hech narsa yo’q!

 

31. Alloma Abu Mansur Abdulmalik ibn Muhammad ibn Ismoil Saolibiy Naysaburiy rahmatullohi alayhi (429-hijriy sanada vafot etganlar) «Al-javohirul-hison fiy tafsiril-Qur’on» kitobida quyidagi oyatni tafsir qilib aytadilarki:

وهو العلي العظيم (سورة البقرة – 255) – وهو العلي: يراد به علو القدر والمنزلة لا علو المكان لأن الله منزه عن التحيز. العظيم: هو صفة بمعنى عظم القدر والخطر لا على معنى عظم الأجرام

U - oliy va buyukdir (Baqara surasi, 255-oyat).

U oliydir: ya’ni, undan qudrat va darajaning yuqoriligi iroda qilingan, makonning yuqoriligi emas. Chunki Alloh chegaralanishdan pokdir.

Buyukdir: ya’ni, u qudrat va qo’rqinchning buyukligi ma’nosidagi sifatdir, jismning kattaligi ma’nosida emas.

 

32. Alloma Abu Hasan Aliy Movardiy rahmatullohi alayhi (450-hijriy sanada vafot etganlar) «istivo» oyati haqida aytadilar:

فيه قولان: أحدهما: استوى أمره على العرش  والثاني: استولى على العرش

U haqida ikki xil gap mavjud. Birinchisi Allohning amri arshga ko’tarildi. Ikkinchisi U Arshni egalladi («An-nukat val-‘uyun» nomli tafsir kitobidan).

 

33. Muhaddislarning yana birlari imom Abu Bakr Bayhaqiy rahmatullohi alayhi (458-hijriy sanada vafot etganlar) o’zlarining «Al-e’tiqod» degan kitoblarida quyidagilarni yozganlar:

و فى الجملة يجب ان يعلم ان استواء الله سبحانه و تعالى ليس باستواء اعتدال عن اعوجاج و لا استقرار فى مكان و لا مماسة لشئ من خلقه لكنه مستو على عرشه كما اخبر بلا كيف بلا أين بائن من جميع خلقه

Xullas kalom bilish vojib bo’ladiki, Alloh subhanahu va taoloning istivosi qiyshayishdan to’g’rilanishning barobarlashuvi ham, biror makonga joylashish ham, O’zi yaratgan biror narsaga tegish ham emas. Lekin xabar berilganidek, Alloh O’z Arshiga qandayliksiz, qayerdaliksiz istivo qiluvchidir. U barcha yaratgan narsalaridan farqlidir.

 

34. Imom va muhtadiy alloma Abu Shakur Muhammad Solimiy keshiy rahmatullohi alayhi (460-hijriy sanada vafot etganlar) o’zlarining «At-tamhid fiy bayanit-tavhid» nomli kitobida shunday deganlar:

واحتجوا بما روي الكلبي عن ابن عباس رضي الله عنهما أنه قال في تفسير قوله تعالى: «الرحمن على العرش استوى» أي: استقر وفي رواية امتلأ العرش فمنه الجواب قلنا معناه استقر العرش من هيبته أو من خشيته...

Va ibn Abbos roziyallohu anhumoning «Rahmon Arshga istivo qildi» oyatini «qaror topdi» deb, boshqa bir rivoyatga ko’ra «Arsh (Alloh bilan) to’ldi» deb tafsir qilganliklari haqidagi imom Kalbiy rivoyat qilgan gapni hujjat qilib keltirishgan. Biz esa unga javoban aytamizki, uning ma’nosi «Alloh taolo Arshga O’zining ulug’vorligi ila yoki O’zining qo’rqinchi ila qaror topdi» deganidir (Zoti ila emas)...

والأصح أن نقول إن الله تعالى صانع العالم وهو جل ذكره ليس في العالم ولا خارج العالم لأنا لو قلنا إنه في العالم فإنه يكون أصغر من العالم ويكون في المكان في الظرف وهذا كفر ولو قلنا إنه خارج العالم لا يخلو إما أن يكون متصلا بالعالم أو مباينا عن العالم فإن كان متصلا بالعالم فإنه يكون من جنس العالم ويكون من العالم والعالم مع أجناسه مصنوع وليس بصانع ولو قلنا إنه مباين عن العالم فإن البينونة عبارة عن القطع والفصل وإنه يوجب التحديد والمحدود المقدور فلا يكون صانعا فنقول إنه صانع العالم بلا أينية ولا كيفية

Eng to’g’risi, Alloh taolo olamning yaratuvchisi, biroq, olamning ichida ham emas, olamning tashqarisida ham emas, demog’imizdir. Chunki, agar U zot olamning ichida desak, unda olamdan kichkina bo’lib qoladi va biror makonda bo’lib qoladi. Bunday deyish esa kufrdir. Agar U zot olamning tashqarisida desak, yo olamga yopishib turuvchi yoki olamdan ajralib turuvchi bo’lib qolishi istisno emas. Agar olamga yopishib turadigan bo’lsa, unda U zot olamning jinsidan bo’lib, olamga tegishli hisoblanib qoladi. Olam esa o’zining barcha jinslari bilan birgalikda yaratilmishdir, yaratuvchi emas. Agar olamdan ajralib turuvchi desak, ajralish uzilish va bo’linishdan iborat. U esa chegaralanishni vojib qiladi. Chegaralanadigan, miqdorlanadigan narsa aslo yaratuvchi bo’lolmaydi. Shu bois aytamizki, Alloh taolo hech bir «qayerda»lik yo «qanday»liksiz holda, olamning yartuvchisidir.

 

35. Alloma Abu Is’hoq Ibrohim ibn Aliy Sheroziy rahmatullohi alayhi (476-hijriy sanada vafot etganlar) «Al-ishora ila mazhabi ahlil-haqq» kitobida aytadilar:

الاستواء بمعنى الاستيلاء واستوى على العرش بمعنى استولى عليه يقال استوى فلان على الملك بمعنى استولى عليه

Istivo egallash ma’nosidadir. Arshga istivo qildi degani uni egalladi degan ma’noda. Falon kishi mulkni istivo qildi deb unga ega bo’ldi degan ma’noda aytiladi.

davomi bor......

Muallif: Nuriddinov Yo‘ldoshbek Ibrohim o‘g‘li.

ЎХШАШ МАЪЛУМОТЛАР

Eng ulug’ duo
Eng ulug’ duo
Рамазон – ойлар сардори
Рамазон – ойлар сардори
Atrofimizdagi insonlarning gunoh-maʼsiyatlariga sukut qilishning ayanchli oqibati
Atrofimizdagi insonlarning gunoh-maʼsiyatlariga sukut qilishning ayanchli oq