ISTIVO MASALASI: SALAF VA XALAF ULAMOLAR IMOM ASH’ARIY VA IMOM MOTURIDIY BILAN YAKDIL BO’LGANLAR

ISTIVO MASALASI: SALAF VA XALAF ULAMOLAR IMOM ASH’ARIY VA IMOM MOTURIDIY BILAN YAKDIL BO’LGANLAR

3-qism

78. Imom Jaloliddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad Mahalliy Shofeiy rahmatullohi alayhi (864-hijriy sanada vafot etganlar) o’zlarining «Al-badrut-tole’» kitobida shunday deganlar:

فيؤول الاستواء بالاستيلاء

Istivo lafzi egallash ma’nosida ta’vil qilinadi.

 

79. Alloma Abdurrahmon ibn Muhammad ibn Maxluf Abu Zayd Saolibiy rahmatullohi alayhi (875-hijriy sanada vafot etganlar) «Al-javohirul-hison» nomli tafsirida aytganlarki:

والقاعدة في هذه الآية ونحوها منع النقلة وحلول الحوادث ويبقى استواء القدرة والسلطان

Bu va bunga o’xshash oyatlardagi qoida ko’chish va yangiliklar paydo bo’lishini inkor etishdir, qudrat va saltanat ma’nosidagi istivo esa boqiy qoladi.

 

80. Shayx Muhammad ibn Sulaymon Kofiyjiy rahmatullohi alayhi (879-hijriy sanada vafot etganlar) o’zlarining «At-taysir» kitobida aytadilar:

الظاهر أن المراد من الاستواء هو الاستيلاء بما لاح لي من الدليل فذلك تأويل برأي الشرع

Dalillardan menga ayon bo’lgan zohir gap shuki, istivodan murod egallashdir. Ushbu ma’no shariat ra’yi asosida ta’vil qilishdir.

 

81. Muhaddis olimlardan shayx Qosim ibn Qutlug’beka Hanafiy rahmatullohi alayhi (879-hijriy sanada vafot etganlar) o’zlarining «Al-musoyara» kitobida aytadilar:

أجاب أهل الحق بأن الاستواء مشترك بين معان...  والمعنى األيق الاستيلاء

Haqq ahli javob berganlarki, istivo so’zi ko’plab ma’nolar ichra mushtarakdir... Eng loiq bo’lgani egallash ma’nosidir.

 

82. Sayyid Ahmad ibn Muhammad Turkiy Hanafiy rahmatullohi alayhi (879-hijriy sanada vafot etganlar) «Iymon» risolasida quyidagicha yozganlar:

فإن قيل لنا أين الله إن لا يستقر على العرش في السماء؟ فنجيب لهم لا يجوز أن يقول في الله أين أو كيف لأن الله لا يتصور بالعقول فعلى ذلك قالوا ما تصورته أو توهمته فإن الله غير ذلك

Agar bizga: «Alloh taolo osmonda Arsh ustida joylashmagan bo’lsa, unda qayerda?» - deyilsa, javob berib aytamizki, Alloh haqida «qayerda» yo «qanday» deyish joiz emas. Chunki Alloh aqllar bilan tasavvur qilinmaydi. Shuning uchun ham aytishganki, siz nimani tasavvur qilsangiz, nimani o’ylasangiz, Alloh o’shandan boshqachadir.

 

83. Mufassir imomlardan Burhoniddin Baqoiy rahmatullohi alayhi (885-hijriy sanada vafot etganlar) o’zlarining «Nazmud-durar fiy tanosubil-ayati vas-suvar» kitobida «istivo»ni quyidagicha tafsir qilganlar:

أوجده وأحدث خلقه وأخذ في التدبير له أخذا مستوقى مستقصى مستقلا به لأن هذا شئن من يملك ملكا ويأخذ في تدبيره

Arshni yaratdi va uning xalqini paydo qildi va uni ehtiyotlab, mukammal tarzda, mustaqil ravishda boshqarishni boshladi. Chunki bu mulkka ega bo’lgan va uni boshqaradigan Zotga xosdir.

 

84. Alloma Shamsuddin Muhammad Niksoriy rahmatullohi alayhi (901-hijriy sanada vafot etganlar) imom Aliy ibn Usmon O’shiy rahimahullohning «Bad’ul-amoliy» kitobiga yozgan sharhida aytadilar:

إن الاستواء يذكر ويراد به الاستيلاء والاتمام والاستقرار فلا يكون حجة مع الاحتمال بل على أن الترجيح للاستيلاء لأن المقام مقام مدح فلو حمل على غيره لا يبقى مدح

Darhaqiqat, istivo lafzi zikr qilingan va undan egallash, mukammal qilish va istiqror iroda qilingan. Ehtimol bilan emas, balki egallsh ma’nosining tarjih qilingan gap ekaniga hujjat bor. Chunki bu o’rin maqtov o’rni bo’lib, agar undan boshqa narsa ehtimol qilinadigan bo’lsa, maqtov ma’nosi qolmaydi.

 

85. Imom Jaloliddin Suyutiy rahmatullohi alayhi (911-hijriy sanada vafot etganlar) ustozi Jaloliddin Mahalliy rahimahulloh bilan birga ta’lif etgan «Tafsirul-Jalolayn» kitobida «Mulk» surasidagi «Man fis-samaai» oyatini shunday tafsir qilganlar:

ءأمنتم من في السماء: سلطانه وقدرته

Podshohligi va qudrati osmonda bo’lgan Zotga iymon keltirdingizmi?!

Suyutiy rahimahulloh «Al-kanzul madfun val-fulkil mashhun» nomli kitobida ham aytadilarki:

العرش أعلى العالم وليس شيء بأعلى منه ولا أظهر ولذلك خص الاستواء عليه وهو استواء استيلاء فمن استولى على أعظم المخلوقات استولى على ما دونه

Arsh olamdagi eng ulkan narsadir, undan-da kattaroq, undan-da zohirroq hech narsa yo’q. Shu bois unga istivo qilish xoslandi. U egallash ma’nosidagi istivodir. Yaratilmish narsalarning eng buyugini egallagan Zot undan boshqa narsalarni ham egallagandir.

 

86. Shayx Shihobiddin Ahmad ibn Muhammad Qostaloniy rahmatullohi alayhi (923-hijriy sanada vafot etganlar.) «Irshadus soriy sharhu sahihil Buxoriy» nomli kitoblarida shunday yozganlar:

ذات الله منزه عن المكان و الجهاة

Alloh taoloning zoti barcha makondan va barcha tarafdan pokdir.

 

87. Shayxzoda nomi bilan mashhur mufassir alloma Muhammad ibn Muslihuddin Mustafo Quvjaviy Hanafiy rahmatullohi alayhi (951-hijriy sanada vafot etganlar) imom Bayzoviyning tafsiriga yozgan hoshiyasida shunday yozadilar:

ولا يتوهم أيضا من استوائه على العرش كونه معتمدا عليه مستقرا فوقه بحيث لولا العرش لسقط لنزل ولأن ذلك مستحيل في حقه تعالى لاتفاق المسلمين على أنه تعالى هو الممسك للعرش والحافظ له وأنه لا يحتاج إلى شيء مما سواه  بل المراد من الاستواء على العرش – والله أعلم – الاستيلاء عليه ونفاذ التصرف وخص العرش بالاستيلاء عليه لأنه أعظم المخلوقات

Shuningdek, Allohning Arshga istivo qilishidan Uning Arshga suyanib turgan yoki Arsh ustida qaror topgan bo’lishi gumon qilinmaydi. Chunki agar shunday bo’lganda, Arsh olib qo’yilsa Alloh tushib ketardi. Shu bois, Alloh taolo Arshni tutib turuvchi, uni muhofaza qiluvchi va O’zidan boshqa biror narsaga muhtoj bo’lmaydigan Zot ekanligi e’tiboridan, yuqoridagi gap Alloh taolo haqida mahol narsadir. Arshga istivo qilishdan murod esa – Alloh bilguvchiroq, Arshni egallash va mukammal tasarruf qilishdir. Arsh yaratilmishlar ichida eng ulug’I bo’lgani uchun uni egallash deya xoslandi.

 

88. Mavlono Oshiqulloh Badriddin ibn Muhammad Haqqoniy Kobuliy rahmatullohi alayhi (997-hijriy sanada vafot etganlar) o’zlari bitgan «E’tiqodu ahlir-Rijal fiy ma’rifatillahi Zil-jalal» nomli asarida, jumladan, quyidagilarni yozganlar:

وما اجتمع السلف والخلف أن الله ربنا لا استقر في مكان ولا جرى عليه زمان ولا أحوته جهة لأن كل ذلك من أوصاف الحوادث لا من أوصاف المحدث والله العالي المتعالي ذو الجلال منزه عن كل ما قال أهل البدع والضلال

Oldingi-yu keyingi ulamolar ijmo’ qilgan gap shuki, darhaqiqat, Robbimiz Alloh biror makonda joylashmagan, Unga zamon joriy bo’lmagan, Uni biror taraf qamrab olmagan. Chunki bularning bari yaratilmish narsalarning sifatlaridandir, Yaratuvchining sifatlaridan emas. Eng oliy, eng yuksak, tengsiz buyuklik egasi Alloh bid’at va zalolat ahli aytgan barcha narsalardan pokdir.

 

89. Shayx Abul Qosim Ahmad ibn Ya’qub ibn Ibrohim ibn Sanoulloh Hindiy Hanafiy rahmatullohi alayhi (1001-hijriy sanada vafot etganlar) «istivo» oyati va «joriya hadisi» haqida shunday deganlar:

فعلم علينا عن ما سبق أن المراد – الله أعلم – من استوى على العرش استولى وملك وقهر ومن حديث الجارية أن الله فوق السماء سلطانه وقدرته وأمره

Yuqorida kelgan ma’lumotlardan bizga ayon bo’ladiki, «Arshga istivo qildi»dan murod – Alloh bilguvchiroq! – egalladi, podshoh bo’ldi, hukmron bo’ldi deganidir. «Joriya hadisi»dan esa Alloh – Uning saltanati, qudrati va amri samo ustida ekani iroda qilingan («Aqoidu ahlis-sunna», shayx Ahmad Abul Qosim).

 

90. Mulla Aliy Qoriy Hanafiy rahmatullohi alayhi (1014-hijriy sanada vafot etganlar.) «Al-fiqhul akbar»ning o’zlari yozgan «Ar-rovzul azhar» deb nomlangan sharhida quyidagilarni aytganlar:

اما علوه تعالى على خلقه المستفاد من نحو قوله تعالى: وَهُوَ الْقَاهِرُ فَوْقَ عِبَادِهِ  فعلو مكانة و مرتبة لا علو مكان كما هو مقرر عند اهل السنة و الجماعة

Ammo U zot taoloning maxluqotlaridan oliy ekani Alloh taoloning «U bandalari ustidan g’olibdir» so’zidan istifoda qilingan. Bas u zot mavqе va martaba jihatidan oliydir, makon jihatidan emas. Zеro bu ahli sunna val jamoa nazdida qaror topgan.

استوى بلا وصف الإستقرار ولا نعت الإتصال لأن كلاهما في حق الله تعالى من المحال

Alloh taolo joylashish sifatisiz, o’rnashish na’tisiz istivo qilgan. Chunki ushbu ikkala sifat Alloh taologa nisbatan ehtimoldan yiroqdir («Zov’ul-maoliy sharhu bad’il-amoliy’ kitobidan).

 

91. Alloma Ismoil ibn Abdulboqiy Yozjiy rahmatullohi alayhi (1121-hijriy sanada vafot etganlar) Aliy ibn Usmon O’shiy rahimahullohning «Bad’ul-amoliy’ kitobiga o’zi yozgan sharhining muxtasar shakli bo’lmish «Nurul-maoliy li sharhi bad’il-amoliy» kitobida aytadilar:

لا يجوز وصفه تعالى بالاستقرار على العرش أو في مكان أو في جهة ما وتعالى الله وتنزه عن ذلك وهذا مذهبنا أهل الحق

Alloh taoloni Arsh ustida qaror topgan deb yoki biror makon yo qaysidir tarafda deb sifatlash joiz bo’lmaydi. Alloh taolo ushbu narsalardan pok va oliydir. Mana shu bizning ahli haqq mazhabimizdir.

 

92. Mashhur tasavvuf arbobi So’fiy Allohyor ibn Allohquli Temiryor Dehnaviy Hanafiy rahmatullohi alayhi (1133-hijriy sanada vafot etganlar) «Sabotul-ojizin» asarida shunday yozganlar:

إيرور حاضر هميشه يوق مكاني

أنكا قيلغان إيماس سبقت زماني

أوزي بي شبهه دور هم بي نمومه

روا إيرماس أنكا جون جكونه

كونكلده كيجسه كوزكا توشسا هر شيء

إيرور أندين منزه خالق حي

Erur hozir hamisha, yo’q makoni,

Anga qilg’on emas sabqat zamoni.

O’zi beshubhadir ham benamuna,

Ravo ermas anga chunu chiguna.

Ko’ngilda kechsa, ko’zga tushsa har shay,

Erur andin munazzah Xoliqu Hay.

 

93. Ismoil Haqqiy Burusaviy nomi bilan mashhur mufassir va so’fiy alloma Ismoil ibn Mustafo Istanbuliy Hanafiy Xilvatiy rahmatullohi alayhi (1137-hijriy sanada vafot etganlar) o’zlarining «Ruhul-bayon» nomli juda mashhur va yirik tafsir kitobida shunday deganlar:

قال ابن الشيخ: ومعنى الاستواء عليه الاستيلاء عليه بالقهر ونفاذ التصرف فيه وخص العرش بالإخبار عن الاستواء عليه لكونه أعظم المخلوقات فيفيد أنه استولى على ما دونه

Ibn Shayx aytadi: Arshga istivo qilishning ma’nosi hukmronlik va uni butkul tasarruf qilish ila uni egallsh deganidir. Arsh yaratilmish narsalarning eng buyugi bo’lgani uchun unga istivo qilganlik haqida xabar berish bilan xoslandi. Bu esa undan boshqa narsalarni ham egallaganini bildiradi.

 

94. Shayx Abdulg’aniy Nabulusiy Hanafiy rahmatullohi alayhi (1143-hijriy sanada vafot etganlar)  «Kifayatul g’ulam» nomli manzumalarida shunday yozganlar:

و ليس يحويه مكان لا و لا      تدركه العقول جل و علا

Allohni birorta makon aslo ihota qila olmaydi, aqllar ham U jalla va ‘aloni idrok eta olmaydi.

 

95. Alloma shihobiddin Sayyid Mahmud Alusiy Bag’dodiy rahmatullohi alayhi (1270-hijriy sanada vafot etganlar) o’zlarining «Ruhul-ma’oniy» nomli tafsir kitobida aytadilar:

وحاصله وجوب الإيمان بأنه تعالى استوى على العرش مع نفي التشبيه وأما كون المراد استولى فأمر جائز الإرادة لا واجبها إذ لا دليل عليه وإذا خيف على العامة عدم فهم الاستواء إذا لم يكن بمعنى الاستيلاء إلا بالاتصال ونحوه من لوازم الجسمية فلا بأس بصرف فهمهم إلى الاستيلاء فإنه قد ثبت إطلاقه عليه لغة

Xullas kalom, Alloh taoloni xaloyiqqa o’xshatishni inkor etish bilan birga Uning Arshga istivo qilganiga iymon keltirish vojibdir. Istivodan murod egalladi degan ma’no bo’lishi iroda joiz sanaydigan ishdir, lekin vojib emas. Chunki vojibligiga dalil yo’q. Agar istivo so’zini tushunmaslik ommaga yengil bo’lib, ularning tushunchasida egallash degan ma’no bo’lmay, faqat o’rnashish va shunga o’xshash Allohga jismni isbot qiladigan ma’nolargina bo’lsa, ular egallamoq degan ma’noga o’z tushunchalarini o’zgartirishlarining zarari yo’q. Chunki istivo so’zini egallash ma’nosida lug’atda ham sobit bo’lgan.

 

96. Muhaddis Abu Abdulloh Muhammad ibn Darvesh Bayrutiy Shofeiy rahmatullohi alayhi (1276-hijriy sanada vafot etganlar) o’zlarining «Ad-durratul vaziyya fiy tavhidi Robbil-bariyya» nomli risolasida shunday yozganlar:

وقد أول الخلف الاستواء بالقهر والاستيلاء على العرش

Chindan ham xalaf ulamolar istivo so’zini hukmronlik va Arshni egallash deb ta’vil qilishgan.

 

97. Shayx Ibrohim Muhammad Bayjuriy Shofeiy rahmatullohi alayhi (1277-hijriy sanada vafot etganlar) «Javharotut-tavhid»ning sharhida aytadilar:

والخلف يقولون: المراد به الاستيلاء والملك

Xalaf ulamolar istivodan egallash va podshoh bo’lish ma’nolari iroda qilingan deydilar.

 

98. Shayx Muhammad Alouddin ibn Muhammad Amiyn Obidin Dimashqiy Hanafiy rahmatullohi alayhi (1306-hijriy sanada vafot etganlar) o’zlarining “Al-hadiyyatul-aloiyya” kitobida yozadilarki:

مشايخنا أهل السنة والجماعة من علماء السلف والخلف قالو: استوى بمعنى استولى

Salaf va xalaf ulamolaridan iborat ahli sunna va jamoa mashoyixlarimiz aytganlarki, Istivo qildi degani egalladi degan ma’nodadir.

 

99. Shayx Abu Sharifa G’iyosiddin Qozoniy rahmatullohi alayhi (1316-hijriy sanada vafot etganlar) «Tavhid» sharhida deganlarki:

قال تعالى: «الرحمن على العرش استوي» نؤمن به على ما عليه ولا نكيفه ولا نقول كان الله فوق العرش مستقرا أو كان متمكنا ولا نقول أين الله بل نقول الله تعالى متوحد بجميع أسمائه وصفاته ولا شريك له ولا يشبه  شيئا من الأشياء ولا يشبهه شيء لأنه قال: ليس كمثله شيء وهو السميع البصير

Alloh taolo aytdi: «Rahmon Arshga istivo qildi». Biz unga qandoq bo’lsa shundoqligicha iymon keltiramiz. Uni qanday deb so’ramaymiz. Yana, Alloh Arsh ustida qaror topgandi yoki makon tutgandi deb ham aytmaymiz. Va Alloh qayerda deb ham aytmaymiz. Balki, Alloh taolo O’zining barcha ismlari va sifatlari bilan yagonadir deymiz. Uning sherigi yo’q. U zot hech bir narsaga o’xshamaydi, Unga ham biror narsa o’xshamaydi. Chunki O’zi aytganki: «Biror narsa Uning mislidek emas. U barcha narsalarni eshituvchi, ko’rib turuvchi zotdir».

 

100. Shayxul-Islom Abu Laylo Mahmud ibn Muhammad ibn Mahmud Farog’iy Hindiy rahmatullohi alayhi (1325-hijriy sanada vafot etgan) o’zining «Kashful-haqoiq» kitobida shunday deb yozganlar:

من وصف الله تعالى بصفات الخلق فهو كافر به

Kim Alloh taoloni yaralmishning sifatlari bilan sifatlasa, batahqiq, u Allohga kufr keltiruvchidir.

إعلم أن التمكن و التصال صفتان من صفات الخلق والله تقدس وتبارك منزه عن صفات الخلق وهو الله الذي لا إله إلا هو ليس كمثله شيئ وهو السميع البصير

Bilingki, makonga joylashish, o’rnashish – yaralmishga oid ikki sifatdir. (Barcha aybu nuqsonlardan, o’zgarishlardan) pok va buyuk Alloh yaralmishning sifatlaridan xolidir. U O’zidan boshqa iloh yo’q bo’lgan Allohdir. Uning mislidek hech narsa yo’q, U hamma nasrani eshituvchi, ko’rib turuvchidir.

 

101. Shayx Xalil Ahmad Singapuriy rahmatullohi alayhi (1346-hijriy sanada vafot etganlar) “Al-muhannid alal-mufannid” nomli kitobda shunday deganlar:

قولنا في أمثال تلك الآيات: إنا نؤمن بها ولا يقال كيف ونؤمن بأن الله سبحانه وتعالى متعال ومنزه عن صفات المخلوقين وعن صمات النقص والحدوث كما هو رأي قدمائنا وأما ما قال المتأخرون من أئمتنا في تلك اآيات ويؤولونها بتأويلات صحيحة سائغة في اللغة والشرع بأنه يمكن أن يكون المراد من الاستواء الاستيلاء ومن اليد القدرة إلى غير ذلك تقريبا إلى أفهام القاصرين فحق أيضا عندنا وأما الجهة والمكان فلا نجوز إثباتها له تعالى ونقول إنه تعالى منزه ومتعال عنهما وعن جميع سمات الحدوث

Mana shunga o’xshash oyatlar xususida so’zimiz shuki, unga iymon keldiramiz, uni qanday deb aytilmaydi. Alloh subhanahu va taolo xaloyiqning sifatlaridan hamda nuqson va paydo bo’lganlik belgilaridan pok va oliy Zot ekaniga iymon keltiramiz. Bu avvalgilarimizning ra’yidir. Ammo keying imomlarimizning ushbu oyatlar haqidagi gaplari shuki, bu oyatlar, nodonlarning aqllariga yaqinlashtirish uchun, masalan, istivodan murod egallash, yad so’zidan murod qudrat, boshqalariga ham mana shunday, shariat va lug’atda mumkin bo’lgan to’g’ri ta’villar bilan ta’vil qilinadi. Bu ham bizning nazdimizda to’g’ri yo’ldir. Ammo taraf va makonni Alloh taologa nisbatan isbot qilish joiz emas. Alloh taolo makon va tarafdan va paydo bo’lganlikning barcha alomatlaridan pok va oliydir deymiz.

 

102. Shayx Muhammad Zohid ibn Hasan Kavsariy rahmatullohi alayhi (1371-hijriy sanada vafot etganlar) shunday deganlar:

والترجيح على تأويل الاستواء بالاستيلاء

Tarjih gap – istivoni egallash deb ta’vil qilishdir («Takmilatur-roddi alaa Ibnil Qoyyim» kitobidan).

 

103. Shayx Muhammad ibn Ahmad Shinqitiy rahmatullohi alayhi (1404-hijriy sanada vafot etganlar.) «Al-ayatul muhkamat» nomli kitoblarida quyidagilarni yozganlar:

اتفق علماء السنة على ان الله غنى عن كل شيء و كل شيء مفتقر اليه قائم بنفسه لا يحتاج الى محل و لا الى مخصص فهو الذى خلق الزمان و المكان و هو على ما عليه كان

Sunnat ulamolari Alloh taoloning barcha narsadan bеhojat ekaniga, barcha narsaning Unga muhtoj ekaniga, O’z-O’zidan qoim ekaniga, biror o’ringa ham, biror xoslovchiga ham muhtoj emasligiga ittifoq qilganlar. Bas U zot zamonlaru makonlarni yaratgandir, O’zi oldin qanday bo’lsa o’shandaydir.

 

104. Shayx Muhammad Jalil Fuzayl rahmatullohi alayhi (1414-hijriy sanada vafot etganlar) shunday yozganlar:

وهو لا يستقر في مكان لأنه تعالى القديم الذي ليس له الابتداء والباقي الذي ليس له الانتهاء والخالق الذي خلق الأشياء كلهم وأيضا أن جميع الأمكنة مخلوقاته الذي أحدث ويفنى فاحتياج الخالق لخلقه محال

Alloh makonga joylashmaydi. Chunki U Oliy bo’lgan Zot ibtidosi yo’q Qadimdir, intihosi yo’q Boqiydir, barcha narsalarni yaratgan Xoliqdir. Shuningdek, barcha makonlar ham Uning keyinchalik paydo qilgan, qachondir yana yo’q qiladigan maxluqidir. Yaratuvchining O’zi yaratgan narsasiga muhtoj bo’lishi esa ehtimoldan yiroqdir («Javahirul-kalom» kitobidan).

 

105. Mashhur mufassir shayx Muhammad Mutavalliy Sha’roviy rahmatullohi alayhi (1419-hijriy sanada vafot etganlar) «Xavotiriy tafsiril-Qur’onil karim» kitobida «istivo» oyatini tafsir qilib aytadilar:

وانتهينا إلى معرفة تحديد الاستواء بأنه استواء يليق بالله سبحانه فكل صفة من صفاته يوجد مثلها في البشر فلا تأخذها في الله مثل وجودها في البشر فللبشر وجود ولله وجود وليس وجود البشر كوجود الله ولله علم بالأشياء التي يباشرها وللبشر علم ولكنه ليس كعلم الله ولله فعل في الأشياء ولنا فعل ولكنه لا يناسب فعل الله...  إذا فلا تأخذ الاستواء على المعنى الذي معناه استقر على مكان محيز حتى تخرج الله عن أن يكون متحيزا في مكان على العرش...

...إذا ما دام الحق سبحانه وتعالى – ذاته ليست كذواتنا وصفاته ليست كصفاتنا وفعله ليس كفعلنا  فخذ استوائه ليس كاستوائنا

Istivoning chegarasini bilish mavzusiga quyidagi gaplar bilan yakun yasaymiz: uning chegarasi Alloh subhanahu O’ziga loiq bo’lgan tarzda istivo qilganidir. Alloh taoloning har bir sifatiga o’xshash sifat insonda ham bor, biroq Alloh haqida insonning sifatiga o’xshash narsani tushunib olmang. Masalan, U zotdagi mavjud bo’lish degan sifat insonda ham bor. Insonda ham mavjudlik sifati bor, Allohda ham mavjudlik sifati bor. Lekin insonning mavjudligi Allohning mavjudligi kabi emas! Allohda U zot hukmron bo’lgan barcha narsalar haqida ilm bor. Insonda ham ilm bor, lekin Allohning ilmi kabi emas! Allohda barcah narsalarga doir bajarmoq degan sifati bor. Bizda ham bajarmoq degan sifat bor, lekin Allohning bajarmoq sifatiga munosib emas! Shuning uchun ham istivo so’zini Alloh taolo biror chegaralangan makon ustida qaror topgan degan ma’noda tushunib olmang, toki Allohni Arsh ustidagi biror bir makonda chegaralangan holatda bo’lishdan tashqarida deb biling!

...Modomiki Haqq subhanahu va taoloning zoti bizning zotimizdek emas ekan, sifatlari bizning sifatlarimizdek emas ekan, bajarishi bizning bajarishimizdek emas ekan, U zotning istivo qilishini ham bizning istivo qilishimizdek emas deb biling!

 

Alloh taolo barchamizni O’zining to’g’ri yo’lidan adashtirmasin, omiyn!

 

Muallif: Nuriddinov Yo‘ldoshbek Ibrohim o‘g‘li.

ЎХШАШ МАЪЛУМОТЛАР

Иймон турлари ва мунофиқлик аломатлари
Иймон турлари ва мунофиқлик аломатлари
Иймон турлари ва мунофиқлик аломатлари
Иймон турлари ва мунофиқлик аломатлари
Boshliqqa itoat  
Boshliqqa itoat